Karantin davrida daromadsiz qolgan malakali haydovchilar tez yordam xizmatiga jalb qilinadi

O‘zbekiston Prezidenti 20-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda pandemiyaga qarshi kurash choralarini tanqidiy tahlil qilib, yangi topshiriqlar berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Videoselektorda yangi xarid qilinayotgan tez tibbiy yordam avtomobillari faoliyati uzluksizligini ta’minlash maqsadida iqtisodiyotning turli sohalaridan, birinchi navbatda, faoliyati to‘xtatilishi oqibatida daromadsiz qolgan yo‘lovchi tashuvchi jamoat transporti uyushmalarining malakali haydovchilari jalb etilishi yuzasidan vazifalar qo‘yildi.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini jilovlash va har bir rahbarning mas’uliyatini oshirish, fidokorlik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish ishlari davom ettiriladi.

Kasallik o‘chog‘ida o‘z jonini garovga tikib, har bir kasalni o‘lim yoqasidan olib chiqayotgan shifokorlarni davlat mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar kiritish topshirig‘i berildi.

Avvalroq Toshkentda 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirilgani, brigadalar soni ko‘paytirilgani hamda Prezidentning poliklinikalarni 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergani ma’lum qilindi.  Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha tibbiy uskunalar hamda tez yordam mashinalarini xarid qilgani xabar qilingan edi.

Янгиликлар