O‘zbekistonda birinchi yarim yillikda tashqi savdo hajmi 18 foizga kamaydi

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2020-yilning dastlabki olti oyida 15,855 milliard dollarga yetdi. Bu 2019-yilning mos davriga qaraganda 3,5 milliard dollarga yoki 18,2 foizga kam deganidir. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashqi savdo aylanmasi va balansi
Infografika: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, 6 oy ichida eksport 6,285 milliard dollarni (22,6 foizga pasaygan), import 9,57 milliard dollarni (15 foizga pasaygan) tashkil etgan.

Fevral oyidagi biroz pasayishni hisobga olmaganda, 2019-yilda tashqi savdo ayirboshlash hajmi har oy barqaror o‘sib borgan. 2020-yilda esa vaziyat boshqacha: yanvar va fevral oylarida tashqi savdo aylanmasi 2,9 milliard dollarni tashkil etdi, mart oyida u keskin ravishda 2,2 millliard dollarga tushdi.

Hisobotda keltirilishicha, eksport tarkibida 83,9 foiz tovarlar bo‘lib, ular, asosan, quyidagi toifalarga kiradi:

  • sanoat mahsulotlari (18,7 foiz);
  • oziq-ovqat va tirik hayvonlar (8,9 foiz);
  • kimyoviy mahsulotlar (6,1 foiz).

Oltin hamon asosiy eksport mahsuloti sifatida qolyapti. Eksport tarkibida oltin 33,8 foizni yoki 2,125 milliard dollarni tashkil etadi.

Tashqi savdo aylanmasi oylik dinamikasi
Infografika: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Birinchi chorakda eksport hajmi 3,375 milliard dollarni, ikkinchi chorakda 464 million dollarga kamayib, 2,910 milliard dollarni tashkil qildi. Tovar importi hajmi 1,262 milliard dollarga kamaydi va 8,913 milliard dollarni tashkil qildi, xizmatlar importi esa 657,4 million dollarga yetdi.

Avvalroq O‘zbekistonda 6 oyda birja orqali sotilgan tovarlarning umumiy qiymati ma’lum qilingandi. “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020-yilning 1-yarim yillik yakunlariga ko‘ra, 25 405,6 milliard so‘mni tashkil qilib, 2019-yilning mos davriga nisbatan 22 foizga o‘sgan.

Янгиликлар