Qozog‘istonda o‘tgan bir sutka ichida 1630 kishida COVID-19 aniqlandi, Qirg‘izistonda esa 42 kishi koronavirus va pnevmoniyadan vafot etdi

Tahririyat Markaziy Osiyo va Rossiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etadi.

Foto: “Nur.kz”

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 21-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 73 468 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 45 376 nafari to‘liq sog‘aygan, 585 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1630 ta yangi holat qayd etilgan.

Avvalroq Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin hukumat yig‘ilishida vazir va hokimlarga ko‘rsatmalar bergani xabar qilingandi. U mahalliy kasalxonalarni ehtiyojga qarab, sun’iy nafas olish apparatlari bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan.

Foto: “Kloop.kg”

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 21-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, 28 251 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 14 776 nafari sog‘ayib, 1079 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 12 396 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 601 kishiga ko‘paygan, 42 nafar bemor vafot etgan.

Avvalroq Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi “Avifavir” dori vositasi koronavirusdan davolanayotgan bemorlarga foyda bermasligini aytgani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Asia-plus”

Tojikiston

Tojikistonda 21-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 6921 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5629 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 57 nafari vafot etgan.

Avvalroq Tojikiston prezidenti yordamga muhtoj fuqarolarga bir martalik yordam puli berish bo‘yicha qarorni imzolagani ma’lum qilingandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmanistonga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining missiyasi mamlakat hukumatiga hududda koronavirus infeksiyasi aniqlangandek ish tutishni tavsiya qilgani haqda xabar berilgandi.

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi havoda o‘pka to‘qimalarini zararlovchi chang zarralari ko‘payganidan ogohlantirmoqda.

Foto: “Kommersant”

Rossiya

Rossiyada 21-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 783 328 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 562 384 nafari sog‘aygan, 12 580 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5842 ta yangi holat aniqlangan.

Янгиликлар