Shavkat Mirziyoyev sun’iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul, seshanba kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, sun’iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Buning esa kosmosuratlarni yillar bo‘yicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam o‘rganishda qo‘l kelishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda qishloq xo‘jaligini boshqarishni raqamlashtirish, kelgusi yildan yer balansi va uning hisobini Milliy geoaxborot tizimida yuritish zarurligi qayd etilgan. Yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda 140 ta tumanning ma’muriy chegaralari hozirgacha aniq emasligi ma’lum bo‘lgan edi.