So‘x tumanida g‘alladan bo‘shagan yerlar yoshlar ixtiyoriga berilmoqda

Farg‘ona viloyati So‘x tumanida uch gektargacha bo‘lgan yerlar shartnoma asosida hududdagi ishsiz yoshlarga ijaraga berilmoqdi. Bu haqda So‘x tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: So‘x tuman hokimligi

So‘x tuman hokimi o‘rinbosari Bobosodiq Latipovning aytishicha, Yoshlar ittifoqi So‘x tuman kengashi tashabbusi bilan, shuningdek, tuman hokimligi, qishloq xo‘jaligi bo‘limi va tuman bandlik markazi hamkorligida “Ozod” shirkat xo‘jaligi hududidan ayni paytda 50 nafar ishsiz bo‘lgan yoshga shartnoma asosida 50 sotixdan bir gektargacha bo‘lgan yerlar ijaraga berildi.

Foto: So‘x tuman hokimligi

Bunga qo‘shimcha, “So‘x” shirkat xo‘jaligi hududidan ham 16 nafar yoshga 2 gektar yer maydoni taqsimlab berildi.

“Yoshlarimizga mehnat uchun sharoitlar yaratib berish maqsadida yerlarni texnikalar yordamida shudgor qilib beryapmiz”, — deydi So‘x tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Muslimbek Mavlonbekov.

Foto: So‘x tuman hokimligi

“Yangiariq” mahallasida yashovchi Farrux Ergashevga ham boshqa yoshlar qatori 20 sotix yer berildi.

“Men, albatta, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda minnatdorman. Menga berilgan yer maydoniga asosan poliz mahsulotlari ekmoqchiman. Chunki tumanimizga poliz mahsulotlari asosan chetdan — viloyatimizning boshqa shahar-tumanlaridan olib kelinadi”, — deydi u.

Mutaxassislar so‘zlariga ko‘ra, tumanning boshqa sektorlarida ham g‘alladan bo‘shagan ekin maydonlari to‘liq yoshlar ixtiyoriga beriladi. Bu bir tarafdan yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchidan ularning manfaatdorligini oshirishga ham asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Avvalroq Andijon viloyatida 600 gektar yer maydoni bog‘dorchilikka qiziqqan yoshlarga ajratilishi belgilangani haqida xabar qilingandi.