“Virus tarqalishini sir tutayotgan klublarga nisbatan SEOA bilan hamkorlikda ish ochiladi” — O‘zPFL

O‘zbekiston Professional futbol ligasi 20-iyul kuni klublar ishtirokida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda ma’lum qilinishicha, Superliganing uch klubi — “Paxtakor”, “Buxoro” hamda “Surxon”da umumiy hisobda o‘ndan ziyod virus yuqtirib olgan futbolchilar bor. Mazkur holat Superliga uchrashuvlarini qayta tiklash oldidan Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi bilan kelishilgan yo‘riqnoma shartlariga klublar tomonidan rioya qilish sustlashganini anglatadi.

Liga matbuot xizmatiga ko‘ra, Superliga uchrashuvlari 28-iyulga qadar to‘xtatiladi va shu kuni chempionat 10-turdan boshlab davom ettiriladi. Taqvimning keyingi ehtimoliy ko‘rinishlari alohida muhokama etiladi. TV dasturlar vaqtiga xalal bermaslik maqsadida 10-tur uchrashuvlarining barchasi 19:00 da start oladi.

Unga qadar Superliganing barcha klublari bor diqqat-e’tiborini futbolchilar salomatligiga qaratadi. Klublarning barchasi xususiy klinikalar bilan hamkorlikda test topshiradi. Bunda O‘zPFL o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazgan barcha futbolchi va murabbiylar test topshirganiga ishonch hosil qilishi kerak bo‘ladi. Test javoblarini to‘liq taqdim etmagan klublar qolgan jamoalar futbolchilari salomatligini xavf ostida qoldirmaslik uchun musobaqaga qo‘yilmaydi.

Test topshirgan va uning natijalariga ko‘ra virus aniqlanmagan futbolchilar klub qarorgohiga joylashtiriladi. Ular karantin tartibi yumshatilguniga qadar mashg‘ulotlar va o‘yinlarga o‘z bazasidan qatnaydi. Sababi ularning shahar bo‘ylab erkin harakat qilishi futbolchilar salomatligini, buning ortidan esa chempionat o‘yinlari davomiyligini xavf ostida qoldirishi mumkin.

O‘zPFL avgust oyidagi uchrashuvlarni qanday tashkil qilish va taqvimga qanday o‘zgartirishlar kiritish ustida ish olib boradi. Shuningdek, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashgan klublar direktorlari, bosh murabbiylari hamda shifokorlariga nisbatan keskin choralar ko‘riladi. Virus tarqalishini sun’iy ravishda sir tutayotgan klublarga nisbatan Sanitariya-epidemiologik osoiyishtaligi agentligi bilan hamkorlikda ish ochiladi.

Янгиликлар