Buxorolik yigit onlayn tarzda o‘tgan Butunjahon Kibermatematika musobaqasida bronza medalni qo‘lga kiritdi

Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi 18-maktab o‘quvchisi Jahongir Norboyev ilk bor o‘tkazilgan Kibermatematika musobaqasida bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqida viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

Ma’luotlarga ko‘ra, masofaviy tarzda 13-iyul kuni start olgan ushbu musobaqada dunyoning 75 ta davlatidan jami 555 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

Musobaqa shartiga ko‘ra, 5 soat ichida 4 tadan masalani yechish kerak bo‘lgan. O‘zbekiston jamoasining qatnashchisi Jahongir Norboyev birinchi kuni 3 ta to‘liq, ikkinchi kuni esa 2 ta masalani yechishga muvaffaq bo‘ldi va AQSh, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Tailand, Singapur, Germaniya kabi davlat ishtirokchilari orasida yaxshi natija ko‘rsatdi. Musobaqa ishtirokchilari buxorolik Diyorbek Tolibov hamda samarqandlik Farrux Mahmudov “Maqtov yorlig‘i” bilan taqdirlandi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

Ma’lumot uchun, Jahongir Norboyev bunga qadar bir qancha musobaqalarda ishtirok etgan. Jumladan, 2018-yil Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti tashkil etgan olimpiadada qatnashgan. 2018-yilning iyul oyida Bolgariya davlatining Burgas shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritgan.

2019-yil “Uchinchi ming yillik/Hamjihatlik formulasi” xalqaro matematika olimpiadasida 3-o‘rinni  qo‘lga kiritdi. Shu yilning 1—6-avgust kunlari JARning Durban shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro matematika olimpiadasida kumush medal bilan taqdirlangan. Italiyaning Piza universteti va Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Respublika olimpiadasida 3-o‘rinni egallagan.

Undan tashqari, 2020-yilda Moskva fizika-texnika instituti tashkil etgan olimpiadada qatnashib, 2-o‘rinni egallagan va talabalikka taklif qilingan. Bundan tashqari Rossiya milliy yadroviy tadqiqot instituti “NIYAU MIFI”  tomonidan tashkil etilgan Rosatom nomli xalqaro fizika-matematika olimpiadasida 1-o‘rinni egallagan va muddatidan oldin talabalikka qabul qilingan. 8—14-yanvar kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan Jautikov olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasining a’zosi sifatida qatnashib, kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Avvalroq 10—15-dekabr kunlari Rossiyada o‘tkazilgan Neft qazib chiqaruvchi mamlakatlar kubogi turnirida O‘zbekiston jamoasi 2 ta oltin, 2 ta kumush hamda 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani va umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар