Parkentda “SES” xodimlarining davlatga salkam 400 mln so‘mlik zarar yetkazgani aniqlandi

Parkent tumanida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi mansabdor shaxslari karantin qoidalarini buzgan fuqarolarga jarima tayinlamasdan, davlatga 397,6 million so‘mlik zarar yetkazgan. Bu haqida Bosh prokuratura “TezNews”ga xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Parkent tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi Parkent tuman filiali mansabdor shaxslari tomonidan karantin qoidalarini buzgan 86 nafar fuqarolarning qilmishlariga yarasha jarima tayinlamaslik hamda qilmishni istisno etuvchi holatlar sifatida rasmiylashtirish orqali davlat manfaatlariga 397,6 million so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan filial mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Namanganda 11 nafar fuqaroning ruxsatisiz ularning nomiga kredit rasmiylashtirib, 200 million so‘mlik mablag‘larni o‘zlashtirgan bank xodimlari qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Янгиликлар