Xalq ta’limi vazirligi 11 yillik ta’lim jinoyatchilikni 2,5 barobarga kamaytirganini ma’lum qildi

O‘zbekistonda 2017-yildan 12 yillik ta’lim tizimidan 11 yillik o‘qishga to‘liq o‘tildi. Natijada maktab va kollej o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 2,5 barobarga kamayishiga erishildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi

So‘nggi yillar davomida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida sodir etilgan jinoyatchilikning koeffitsienti  tahlil qilinganda 2016-yilda har 10 ming nafar o‘quvchidan 0,9 nafari jinoyat sodir etgan, 2017-yilda ushbu ko‘rsatkich 0,8 o‘quvchi, 2018-yilga kelib, 0,8 o‘quvchini tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilning 12 oyi holatiga 0,7 o‘quvchini tashkil qildi.

Kasb-hunar ta’limi tizimidagi holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, mazkur ko‘rsatkich 2016-yilda — 10, 2017-yilda — 10, 2018-yilda — 9, 2019-yilda — 8 ta o‘quvchini tashkil qilgan.

Mamlakatda 11 yillik ta’limning qayta tiklanishi natijasida respublikada jami voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik koeffitsienti 2016-yilda — 2,4 ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019-yilda mazkur ko‘rsatkich 1 ni tashkil etdi.

Solishtirish uchun, 2019-yilning yakuniy holatiga mazkur ko‘rsatkich AQShda — 44,7 o‘quvchi, Rossiyada — 23,7 o‘quvchi, Qozog‘istonda — 7,6 o‘quvchi, Tojikistonda esa 3,6 o‘quvchini tashkil qilgan.

Avvalroq Yunusobodda kollej o‘qituvchisi, Toshkent viloyatida XTB mutaxassisi qo‘lga olingani xabar berilgan edi.

Янгиликлар