2020/2021-o‘quv yili uchun OTMga 95 yoshli abituriyent hujjat topshirgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar orasida 13 va 95 yoshli talabgorlar bor. Bu haqda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i “2020/2021-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish yakunlari, tahlil va xulosalar” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: «uzreport.uz»

2020/2021-o‘quv yilida O‘zbekiston bo‘yicha 91 ta oliy ta’lim muassasasida o‘qish uchun 1 million 484 ming 85 abituriyent hujjat topshirdi. Bu ko‘rsatkich 2019-yilga nisbatan 417 ming 159 nafarga yoki 39,1 foizga ko‘p (2019-yilda 1 million 66 ming 926). Shundan 2019—2020-o‘quv yili bitiruvchilari 536 ming 144 nafarni tashkil etdi.

Tanlov ko‘rsatkichi o‘rtacha bir o‘ringa 10,57 abituriyent ishtirokiga to‘g‘ri keladi. Eng yosh abituriyent 13 yosh, eng yoshi katta talabgor esa 95 yoshda.

Avvalroq O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari 1-sentabrdan keyin o‘tkazilishi mumkinligi ma’lum qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, ro‘yxatga olish 20-iyundan 20-iyulga qadar barcha hududlarda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, respublikaning 8 ta tumanida esa Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi.

Avvalroq onlayn ro‘yxatdan o‘tgan, lekin 111 500 so‘m to‘lovni amalga oshirishga ulgurmagan abituriyentlar 21-iyul kuni soat 23:59 qadar to‘lovni amalga oshirishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар