Farg‘ona IIB viloyatdagi o‘zini osmoqchi bo‘lgan taksi haydovchisi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Farg‘onada kuchaytirilgan karantin natijasida daromad manbayidan ayrilgan taksi haydovchisi o‘zini osishga uringani haqida xabarlar tarqaldi. Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ushbu xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Turli ma’lumotlarda aytilishicha, Farg‘ona viloyatida aholini ogohlantirmay stikerlar bekor qilingan va taksi haydovchilariga ruxsati bo‘lsa ham taksi haydash man etilgan. Mashinalar jarima maydoniga olib ketilmoqda.

Izohda aytilishicha, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan 2020-yil 10-iyuldan 2020-yil 1-avgustga qadar respublika miqyosida avtotransport vositalarining harakati cheklangan.

Maxsus ruxsatnoma (stiker)siz harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida ( soat 07:00 dan soat 10:00 gacha, soat 17:00 dan soat 20:00 gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.

“22-iyul kuni soat 16:10 da Farg‘ona shahri va Toshloq tumanlari chegarasida tashkil etilgan karantin postida xizmat olib borayotgan viloyat IIB YHXB xodimi Sh.A. Toshloq tumanidan Farg‘onaga qarab harakatlanib kelayotgan toshloqlik fuqaro Y.N. boshqaruvidagi ‘Lacetti’ rusumli avtomashinani to‘xtatib, haydovchidan avtomobilning karantin vaqtida harakatlanishi uchun berilgan ruxsatnomani talab qilgan. Haydovchi esa hech qanday ruxsatnoma taqdim qila olmagan.

Natijada avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga olib kelinib, Farg‘ona shahar Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan fuqaro Y.N.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Fuqaro Y.N. qoidabuzarligi uchun qonunchilikda belgilangan jarima summasini to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida jarima maydonidagi daraxtga o‘zini osmoqchi bo‘lgan. Milliy gvardiya xodimlari tomonidan fuqaro Y.N.ning xatti-harakatlari to‘xtatib qolingan”, — deyiladi viloyat IIB izohida.

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, 2020-yil 21-iyul kuni koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha viloyat idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabi tomonidan qabul qilingan bayonga asosan, tuman, shahar hokimliklari, viloyat boshqarma va tashkilotlari tomonidan avtotransport vositalarining harakatlanishi uchun joriy etilgan barcha turdagi ruxsatnomalar, ro‘yxatlar, ma’lumotnomalar va stikerlar (Davlat xizmatlari agentligi tomonidan berilgan stikerlar bundan mustasno) 2020-yil 22-iyul kunidan bekor qilindi.

“Shunday bo‘lsa-da, viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan 22-iyul kuni ham haydovchilarga ushbu bayon mazmuni tushuntirilib, faqatgina ogohlantirish ishlari olib borildi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi taksi haydovchilarining avtomobillari jarima maydoniga kiritilayotganidan haydovchilarning noroziligi aks etgan video bo‘yicha viloyat IIB rasmiy munosabat bildirgan edi.

Shuningdek, O‘zbekistonda 18—19-iyul hamda 25—26-iyul kunlari qanday toifadagi avtomashinalar harakatlanishi mumkinligi ma’lum qilingan edi.

Янгиликлар