“Green Card” yutib olsa ham AQShga kiritilmagan rossiyaliklar Donald Trampni sudga berdi

AQSh davlat departamentining Amerikada yashash huquqini beruvchi “Green Card” lotereyasida yutgan, ammo AQShga kirishga ruxsat berilmagan Rossiya va boshqa davlatlarning bir guruh fuqarolari prezident Donald Tramp va Davlat kotibi Maykl Pompeoni sudga berdi. Da’vo arizasida ular mamlakatga kiritishni talab qilgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Depositphotos

Dunyo bo‘ylab AQSh konsulliklari haqiqatan ham koronavirus pandemiyasi tufayli viza bermayapti va suhbat ham o‘tkazmayapti. Favqulodda holatlar bundan mustasno. Bundan tashqari, Tramp aprel oyida bir qator toifadagi chet elliklar, shu jumladan, “Green Card” lotereyasini yutib olgan va AQShga kelish ishlarini rasmiylashtirishning turli bosqichlarida bo‘lganlarni mamlakatga kiritishni to‘xtatdi.

Da’vogarlar orasida Rossiyaning o‘ndan ortiq tub aholisi, Turkiya fuqarolari, shuningdek, Ukraina, Belarus, Armaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Falastin, Misr va Suriya fuqarolari bor.

Masalan, qirg‘izistonlik O‘tkirbek Abdumo‘minov “Green Card” yutib, AQShga kelgan va u yerda oilasining kelishiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan. Ammo uning oilasi koronavirus cheklovlari tufayli AQShga bora olmagan. Hozir esa oila a’zolarining vizalari muddati tugagan.

Ukrainalik fuqaro Oleg Kamanev va uning oilasi AQShga borish uchun fevralda viza olgan, lekin uning rafiqasi Kamaneva Viktoriya Grozevadan qo‘shimcha tibbiy ma’lumotnomalar so‘ralgan. Ma’lumotnomalarni tayyorlab, aprel oyida taqdim qilganida esa viza berilmagan va oila AQShga Grozevasiz ketishga majbur bo‘lgan.

Rossiyalik fuqaro Andrey Savenkovning oilasiga yanvarda viza berilgan, lekin Savenkov qo‘shimcha tekshiruvlarga jalb qilingan va haligacha konsullikdan hech qanday yangilik yo‘q.

Rossiyalik Yelena Novospasskaya turmush o‘rtog‘i va qizi bilan hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ariza bergan, lekin u haligacha suhbatga chaqirilmagan.

Da’vogarlarning aksariyati allaqachon uyini sotib, ishidan bo‘shagan, ammo ularning AQShga ko‘chishi noaniq muddatga qoldirilgan. Hatto hech qachon amalga oshmasligi ham mumkin. Chunki lotereya g‘oliblariga Amerikaga ko‘chib o‘tishi uchun cheklangan vaqt beriladi.

Da’vogarlar Tramp va Pompeoni o‘z vakolatlarini oshirishda ayblab, sakkizta band bo‘yicha norozilik bildirgan. Suddan Trampning apreldagi xorijliklarning ayrim toifalarini AQShga kirishini cheklovchi buyrug‘ini bekor qilishini, da’vogarlar bilan suhbat tashkil qilishni, muddati tugagan vizalarni qayta kuchga kiritishini va da’vogarlar hamda ularning oilalarini Amerika hududiga kiritishini talab qilgan.

Ma’lumot uchun, Diversity Visa dasturi 1990-yildan amalga oshiriladi va har yili oilasi bilan AQShga ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘lgan 55 ming muhojirni tanlab oladi. Viza olish va “Green Card” bilan AQShga borish uchun muayyan darajadagi ma’lumotga ega bo‘lish, ingliz tilini bilish va AQShda “o‘z aravasini o‘zi torta olishi”ga asos keltirishi kerak. Har yili 50 mingdan ortiq muhojiri AQShga boradigan mamlakat fuqarolari lotereyada qatnasha olmaydi.

Tramp lotereyani bekor qilib, AQShga zarur bo‘lgan kasb va bilimga ega muhojirlarni qabul qilish niyati borligini bir necha bor ta’kidlagan.

2021-yil uchun “Green Card” lotereya dasturi 2019-yil 2-oktabr kuni boshlanib, 5-noyabr kuni tugagan. Bu galgi “Green Card” dasturiga yangi talablar kiritilgani ariza beruvchilar sonining keskin kamayishiga olib kelishi mumkin. Xususan, endi talabgorlar o‘rta maktabni bitirgan bo‘lishi yoki so‘nggi 5 yilda kamida 2 yillik ish stajiga ega bo‘lishi shart etib belgilangan.

Bundan tashqari, international travel passport — xalqaro sayohat pasporti raqamini kiritish talabi ham qo‘shilgan. O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq holatda bu xorijga chiqish pasporti (“qizil pasport”) tushuniladi.

Tasodifiy kompyuter dasturi 2020-yil 1-oktabrdan 2021-yil 30-sentabrga qadar lotereya g‘oliblarini aniqlaydi. Quyidagi davlatlar navbatdagi registratsiyada qatnasha olmaydi:

Bangladesh, Braziliya, Kanada, Xitoy, Kolumbiya, Dominikan , Salvador, Gvatemala, Gaiti, Hindiston, Yamayka, Meksika, Nigeriya, Pokiston, Filippin, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va unga tegishli hududlar (Shimoliy Irlandiyadan tashqari) hamda Vyetnam.

AQSh fuqarolik va immigratsiya xizmati saytida “Green Card” bilan bog‘liq maxsus sahifa bo‘lib, unda ushbu lotereyada ishtirok etish, uning hujjatlarini to‘ldirish bilan bog‘liq barcha savollarga to‘liq va batafsil javob olish mumkin.