Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foizda saqlab qoldi

Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolganini ma’lum qildi.

Ushbu qaror iqtisodiyotda bir vaqtning o‘zida inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar va pasaytiruvchi omillarning mavjudligi sharoitida ijobiy real foiz stavkalarni ta’minlashga qaratilgan pul-kredit siyosati joriy yo‘nalishini saqlab qolish maqsadida qabul qilingan.

Pandemiya sharoitida byudjet xarajatlarining ortishi va fiskal rag‘batlantirish iqtisodiy jarayonlar va faollikni qo‘llab-quvvatlashning asosiy omillaridan bo‘ldi, deya ta’kidlanadi xabarda.

Xabarda aytilishicha, foiz stavkalari karantin davriga qaramasdan I yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijobiy iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishish uchun sharoit yaratgan. 2020-yilning iyun—iyul oylarida narxlarning nisbatan sekinroq pasayishi va inflyatsiya prognozidan biroz og‘ishi kuzatilgan. Bunda asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish masalasi keyingi boshqaruv yig‘ilishlariga qoldirilgan.

Shu bilan birga, Markaziy bank yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozini 11—12,5 foiz darajasida o‘zgartirishsiz saqlab qoldi va hukumat bilan birgalikda unga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib boradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilning I choragida yillik inflyatsiya darajasi maqsadli ko‘rsatkichlar trayektoriyasidan pastroq bo‘lgan. II chorakdan boshlab inflyatsiya darajasi o‘tgan chorakka nisbatan biroz ko‘tarilgan va iyun oyi yakunlari bo‘yicha 14,2 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, 2020-yilning ikkinchi choragida narxlarning o‘sishiga oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallariga bo‘lgan yuqori talab hamda iyun oyida meva va sabzavotlar narxining mavsumiy pasayishining kutilganidan ko‘ra sekinroq bo‘lishi kabi omillar oshiruvchi bosim ko‘rsatgan.

Ta’kidlanishicha, ikkinchi chorakda bazaviy inflyasiya nisbatan yuqori o‘sish sur’atiga ega bo‘lib, iyun oyida yillik 13,8 foizni tashkil etgan.

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha oraliq majlisi 2020-yilning 10-sentabr kuniga rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

Янгиликлар