O‘zbekistonda o‘qituvchilar faoliyatiga noqonuniy aralashganlar javobgarlikka tortiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Shuningdek, qator qonunlar va kodekslarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeks 197,5-modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, ta’lim muassasalari pedagog-xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.

Bunday huquqbuzarlik uchun:

  • Fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 million 115 ming so‘mdan 1 million 561 ming so‘mgacha);
  • Mansabdor shaxslarga esa BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (1 million 561 ming so‘mdan 2 million 230 ming so‘mgacha) jarima qo‘llaniladi.

Shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa:

  • Fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (1 million 561 ming so‘mdan 2 million 230 ming so‘mgacha);
  • Mansabdor shaxslarga esa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida (2 million 230 ming so‘mdan 3 million 345 ming so‘mgacha) jarima qo‘llanishi mumkin.

Ushbu huquqbuzarlik sodir etilganda ta’lim muassasasining pedagog-xodimi ma’muriy bayonnoma tuzmasdan, o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi, huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda boshqa zarur bo‘lgan ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Avvalroq xorijiy tillar o‘qituvchilarining 2020-yil 1-martda tugaydigan malakaviy sertifikatlari muddati navbatdagi malakaviy imtihonlarni o‘tkazish sanasiga qadar uzaytirilishi haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Andijonda xalq ta’limi bo‘limi mudirining xodimlarni haqorat qilgan audioyozuvi yuzasidan viloyat prokuraturasi izoh bergan edi.

Янгиликлар