O‘zbekistonga yarim yil davomida qancha sayyoh tashrif buyurgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonga 2020-yilning yanvar—mart oylari davomida turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolari soni 1,2 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, aprel—iyun oylarida bu ko‘rsatkich 2,1 ming nafarga yetdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumot berdi.

Foto: uzbektourism.uz

Yarim yil davomida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolari soni 2019-yilning shu davriga nisbatan 60 foizga, O‘zbekistondan ketganlar soni esa o‘tgan yilga nisbatan 61,3 foizga kamaygan.

Ta’kidlanishicha, turistik maqsadlarda ketgan O‘zbekiston fuqarolari 2020-yilning yanvar—mart oylarida 1,4 million kishini, aprel—iyun oylarida esa 3,5 ming kishini tashkil etgan.

MDH davlatlariga 2020-yilning yanvar—mart oylarida ketgan O‘zbekiston fuqarolari 1,3 million kishini tashkil etgan bo‘lib, bu jami ketganlarning 92,7 foizi deganidir. Uzoq xorijiy davlatlarga esa 104,6 ming kishi (yoki 7,3 foizi) ketgan.

O‘zbekistonga Qozog‘istondan 397,9 ming kishi, Tojikistondan 332,8 ming kishi, Qirg‘izistondan 298,4 ming kishi, Rossiyadan 65 ming kishi, Turkmanistondan 60,6 ming kishi va Ozarbayjondan 2 ming kishi tashrif buyurgan.

O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolari sonining tahlili shuni ko‘rsatadiki, 2020-yilning yanvar–iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 million nafar kam chet el fuqaro tashrif buyurgan. Chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolari soni, 2019-yilning yanvar–iyun oylarida jami 3,7 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilning mos davrida esa 1,4 million nafarni tashkil etdi.

Uzoq xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolarining asosiy qismi:

— Turkiyadan 13,6 ming kishi;

— Janubiy Koreyadan 5,3 ming kishi;

— Xitoydan 4,5 ming kishi;

— Hindistondan 3,6 ming kishi;

— Yaponiyadan 1,3 ming kishi va Fransiyadan 0,9 ming kishi tashrif buyurgan.

Avvalroq Namanganda Chust do‘ppisi va Chust pichoqlari xalqaro muzeylari tashkil qilinishi, AQSh va Kanada turoperatorlari epidemiologik vaziyat barqarorlashishi bilan O‘zbekistonga sayohatlarni qayta tiklashi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Andijonda turizm boshqarmasi binosi karantinga olingan bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilingandi.

Янгиликлар