Qashqadaryoda 64 yoshli erkak koronavirusdan vafot etdi

Koronavirusga chalingan qashqadaryolik 64 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashagan 64 yoshli A.A. (erkak)da COVID-19 tasdiqlangach, u viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ushbu holat bilan O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 102 nafarga yetdi.

Bugun, 23-iyul kuni O‘zbekistonda koronavirusdan to‘rt nafar bemor vafot etdi. Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 82 yoshli ayol va 54 yoshli bemor vafot etgan edi.

Янгиликлар