Toshkent shahar IIBB Chilonzorda 10 dan ortiq yoshlar qatnashgan janjal yuzasidan izoh berdi

Toshkent shahridagi Cho‘ponota ko‘chasida, ilgari AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi joylashgan binoning yaqinida, 21-iyul, seshanba kuni o‘ndan ortiq yoshlar janjallashayotgani aniqlandi. Bu haqda shu kuni soat 14:30 da 102 raqamiga Chilonzor tumanining 3-kvartalida yashovchi aholidan xabar kelib tushgan, deya ma’lum qiladi Toshkent shahar IIBB.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Hodisa joyiga Toshkent shahar IIBB PPX brigadasi 4-batalyoni xodimlari yetib kelgan. Patrul avtomobilini ko‘rgan yoshlarning bir nechtasi qochib ketgan. Yetti nafari esa qo‘lga olinib, eng yaqin ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan.

“Qo‘lga olinganlardan biri — muqaddam sudlangan 28 yoshli E.Sh. tekshirilganda uning avtomobilining salonidan uchta pichoq, barsetkasidan esa 3 flakon ‘Tropikamid’, 1 flakon ‘Rinoksil’, 6 tabletka ‘Selofen’ topildi”, — deyiladi xabarda.

Hozirda Chilonzor tumani IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limi tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv davomida hodisaning boshqa ishtirokchilarining shaxslari aniqlanib, so‘ng barcha ishtirokchilarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.

Avvalroq Andijon IIB pichoqbozlik aks etgan videotasvir yuzasidan munosabat bildirgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар