Jizzaxda koronavirusga chalingan 57 yoshli ayol vafot etdi

Jizzaxda koronavirusga chalingan  57 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Jizzax shahrida yashagan 57 yoshli T.A. ismli ayolda COVID-19 tasdiqlangach, u viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Qashqadaryoda 64 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 24-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni  118 taga oshib, 18 986 nafarni tashkil etgan. Hozirda  10 149 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. 8734 nafar bemorga esa shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар