O‘zbekistonda yuridik shaxslarga shartnoma asosida uglevodorod resurslarini qazib olishga ruxsat beriladi

“Taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega bo‘lgan kontraktlar asosida uglevodorodlarni qazib olish mexanizmini joriy etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, uglevodorodlar qazib olishni ko‘paytirish nazarda tutilgan konlar ro‘yxati yer qa’ridan foydalanuvchilarning takliflari asosida Energetika vazirligi tomonidan muntazam ravishda shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishiladi.

Ma’lum qilinishicha, kontraktlar bir yoki bir necha konlar bo‘yicha 10 yilgacha bo‘lgan muddatga yer qa’ridan foydalanuvchi hamda pudratchining o‘zaro kelishuviga ko‘ra qo‘shimcha 5 yilgacha uzaytirish imkoniyati bilan tuzilishi mumkin.

Yer qa’ridan foydalanuvchi pudratchini tanlash bo‘yicha tanlov savdolarini o‘tkazishda korporativ buyurtmachi vazifasini bajaradi. Tanlov savdolari har bir alohida kon bo‘yicha e’lon qilinadi.

Qayd etilishicha, tanlov savdolari g‘olibi — pudratchi 100 foiz ulushli ishtiroki bo‘lgan shoʻba yuridik shaxsni tashkil qilishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi shart (O‘zbekiston qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan yuridik shaxslar — rezidentlar bundan mustasno).

Yer qa’ridan foydalanuvchi pudratchi bilan tanlov savdolarining natijalariga ko‘ra kontrakt tuzadi. Qaror bilan, shuningdek, kontraktga qo‘yiladigan minimal talablar belgilandi.

Taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega bo‘lgan kontraktlar asosida uglevodorodlarni qazib olish mexanizmi:

ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 va undan ortiq foizni tashkil qiladigan davlat korxonalari va yuridik shaxslarga;

davlat ulushi 50 hamda undan ortiq foizni tashkil qiladigan yuridik shaxsga ustav fondining (kapitalining) 50 va undan ortiq foizi tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarga tatbiq etilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalariga imtiyozlar berilishi ma’lum qilingan edi.

Янгиликлар