O‘zbekistonga COVID-19’ga qarshi kurashda ko‘mak berish uchun turk mutaxassislari keldi
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida erishilgan kelishuvlarga asosan, O‘zbekistondagi COVID-19’ga qarshi kurash markaziy shtabiga koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha konsultantlari sifatida turk mutaxassislari tashrif buyurdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Tashrif buyurganlar orasida Turkiyaning Medipol universiteti ilmiy kengashi a’zosi, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, professor Rejep Oztyurk, Xasettepe universiteti ilmiy kengashi a’zosi, jamoatchilik salomatligi bo‘yicha mutaxassis, professor Levent Akin va Anqara shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi, professor Xatise Raxmet Gyuner bor.
24-iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmanov konsultantlarni qabul qildi va mamlakatda COVID-19’ga qarshi olib borilayotgan choralar haqida batafsil gapirib berdi.
Tomonlar turli yoshdagi bemorlarda COVID-19 kasalligi, yangi turdagi koronavirus infeksiyasining xarakterli belgilari, ushbu kasallikning o‘ziga xos belgilari, diagnostika usullari, davolash protokollari, sog‘aygan bemorlarni kuzatish va boshqa mavzularni muhokama qildi. Reanimatsiya bo‘limlarida o‘ta og‘ir bemorlarni davolashning so‘nggi usullariga alohida e’tibor qaratilayotgani aytildi.
Tashrif davomida turk mutaxassislari birlamchi tibbiyot muassasalari va Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona ish faoliyati, kasallangan bemorlarni davolash bayonlari, mamlakatda koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lgan epidemiologik vaziyatni batafsil o‘rganib chiqadi, ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etadi hamda turli hududlarida davolanayotgan ahvoli o‘ta og‘ir bemorlarning holatini yaxshilash maqsadida onlayn videokonferensiyalar o‘tkazadi.
Shuningdek, Turkiyaning COVID-19’ga qarshi kurashda ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyati ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga koronavirusni davolash uchun turkiyalik mutaxassislar yetib kelishini ma’lum qilgani haqda xabar bergan edik.