Qo‘qonda o‘g‘rilikka qo‘l urgan ayol jamoatchilik kafilligi ostida qamoqdan ozod qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi fuqaro S.Olimovani jamoatchilik kafilligiga asoslanib, qamoqdan ozod qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati “Tez News”ga xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, u O.Nurmatova bilan guruh bo‘lib, Qo‘qon shahridagi “Farobiy” savdo kompleksidagi savdo do‘koni rastasidan bir million ikki yuz ming so‘mlik gazlamani o‘g‘irlaganlikda ayblangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 15-iyundagi hukmiga ko‘ra, S.Olimovaga Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (Avval o‘g‘rilik qilgan shaxsning yana o‘g‘rilik qilishi) bilan 3 yilga, 1 yil 3 oy 4 kun o‘talmagan ozodlikni cheklash jazosi qisman qo‘shilib, 3 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Hukm e’lon qilingandan so‘ng S.Olimova ishlab kelgan Dang‘ara tumani tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sho‘basi jamoasi ahvolni o‘rgandi. Uning oilaviy sharoiti og‘irligini va voyaga yetmagan farzandlari tarbiyasi izdan chiqayotganligini aniqlab, oilaga moddiy yordam ko‘rsatib, G.Ergashevani jamoat himoyachisi etib saylab, apellyatsiya sudida uni himoya qildi.

Shuningdek, Dang‘ara tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi uni qamoqdan ozod qilishni so‘rab, iltimosnoma kiritdi. Viloyat kengashi deputati A.Jumanov sudlov hay’atiga tavsiyanoma yuborib, S.Olimovaga yana bir bor imkoniyat berishni so‘rab, oilaning keyingi hayotini jamoatchilik bilan birgalikda nazoratga olishini ma’lum qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining apellyatsiya instansiyasi sudi S.Olimovaga jamoatchilikning kafilligi ostida hayotda o‘z o‘rnini topishida yana bir imkoniyat berdi. Uch nafar voyaga yetmagan farzandi borligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, oilaviy sharoiti og‘irligini va oilasining ko‘makka muhtojligini, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanib kelganligini, yashash va ish joyidan ijobiy tavsiflanganligini va boshqa omillarni inobatga olib, hukmni o‘zgartirib, unga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi va qamoqdan ozod qildi.

Avvalroq Qo‘qonda sheriklari bilan o‘g‘rilik qilib, qidiruvda yurgan shaxs qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Shuningdek, Qo‘qonda 200 metr mis kabellarni o‘g‘irlagan shaxs javobgarlikka tortilgan edi.