Qozog‘istondan noqonuniy ravishda 190 bosh qo‘y-qo‘zi olib o‘tgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Navoiy viloyati Konimex tumanida chegara sim to‘siqlarini buzib, Qozog‘istondan 190 bosh qo‘y-qo‘zi olib o‘tishga uringan qoidabuzarlar jazolandi, deb xabar berdi “Zarnews”.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro J.I. 2020-yilning fevral oyida jinoiy sherigi Sh.F. bilan Qozog‘istondan mayda shoxli mollarni bojxona nazoratini chetlab, noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tish va O‘zbekistonda sotish bilan shug‘ullanish bo‘yicha kelishib olgan. Kelishuvga ko‘ra, J.I. 19-fevral kuni “Guliston-avto” chegara o‘tkazish maskani orqali Qozog‘istonga qonuniy ravishda o‘tib, Shardara tumanidan 200 dona qo‘y-qo‘zini 7 500 000 tenge (20 ming AQSh dollari)ga sotib olgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonga 190 dona mayda shoxli mollarni chegara o‘tkazish maskani bo‘lmagan hudud orqali chegara sim to‘siqlarini buzib, olib o‘tayotgan vaqtda J.I. jinoyat ustida harbiy qismning Navoiy viloyati tezkor qo‘riqlash guruhi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudi tomonidan fuqaro J.I. Jinoyat kodeksi 182-moddasi 2-qismining “a” bandi (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) va 223-moddasining 1-qismi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) bo‘yicha aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57, 59, 62-moddalariga asosan 3 yil 8 oy 10 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Fuqaro Sh.F.ga esa Jinoyat kodeksi 182-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 57, 60, 61-moddalariga asosan 33 450 000 so‘m jarima va oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 11 oy 29 kun axloq tuzatish ishlari jazolari tayinlandi. Fuqarolardan olib qo‘yilgan 190 ta qo‘y davlat hisobiga o‘tkazilgan.
Avvalroq Olotda uyida noqonuniy ravishda sovuq qurol saqlab kelayotgan fuqaro aniqlangani, Farg‘onada 2 ta qoramolni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.