Rossiyada o‘tgan bir sutka ichida 5811, Qozog‘istonda esa 1687 kishida koronavirus aniqlandi

Qozog‘iston

Qozog‘istonda 24-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 78 486 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 49 488 nafari to‘liq sog‘aygan, 585 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1687 ta yangi holat qayd etilgan.

Foto: “Nur.kz”

Avvalroq Qozog‘iston masjidlari Qurbon hayiti kunida ham ochilmasligi xabar qilingandi. Mamlakat bosh muftiysi Navro‘zboy hoji Taganulining ta’kidlashicha, odamlar uyda oraliq masofani saqlagan holda hayit namozlarini o‘qishi mumkin.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 24-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, 31 247 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 18 038 nafari sog‘ayib, 1211 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 11 998 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 368 kishiga ko‘paygan, 42 nafar bemor vafot etgan.

Foto: “Kloop.kg”

Avvalroq Bishkekda ichki ishlar xodimlari uchun kunlik statsionar tashkil etilgani haqda xabar berilgandi. Ichki ishlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, statsionar 40 o‘ringa ega bo‘lib, soat 9:00 dan 19:00 gacha ishlaydi.

Tojikiston

Tojikistonda 24-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 7060 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5793 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 58 nafari vafot etgan.

Foto: “Asia-plus”

Avvalroq Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda mamlakatda dori vositalarining yetarli zaxirasi mavjudligini ma’lum qilgandi.

Turkmaniston

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmaniston va Buyuk Britaniya COVID-19’ga qarshi kurash masalalarini muhokama qilayotgani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, 23-iyul kuni Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vendi Morton telefon orqali suhbatlashib, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

Rossiya

Rossiyada 24-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 800 849 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 588 774 nafari sog‘aygan, 13 046 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5811 ta yangi holat aniqlangan.

Foto: “TASS”

Avvalroq bosh vazir Mixail Mishustin Rossiya xalqaro reyslarni 1-avgustdan qayta tiklashini ma’lum qilgandi. Xususan, O‘zbekistondan Rossiyaga doimiy aviareyslar sentabrdan qayta tiklanadi.

Янгиликлар