Uyda davolanayotgan koronavirus bemorlari nimalarga e’tibor berishi kerakligi haqida ma’lumot berildi
“Milliy” telekanalidagi “Tez yordam” dasturida virusolog Ra’no Qosimova koronavirusdan uyda davolanayotgan bemorlar nimalarga e’tibor berishi kerakligi haqda ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, uy sharoitida davolanayotgan bemorlar ko‘proq suyuqlik iste’mol qilishi, vitamin D va sink (rux) moddasi qabul qilishi kerak.
“Men o‘ylaymanki, kasallikning beshinchi kunidan boshlab bemorlar o‘ziga juda ham ehtiyot bo‘lishi kerak. Bemorda tez holsizlanish, nafas yetishmasligi, ich o‘tishi, tana haroratining keskin ko‘tarilishi kuzatilsa, bu pnevmoniyadan darak beradi”, — deydi Ra’no Qosimova.
Avvalroq virusolog Ra’no Qosimova va Dildora Sekler koronavirusning og‘ir formasida qanday belgilar kuzatilishi haqda ma’lumot bergandi. Ta’kidlanishicha, og‘ir formaning dastlabki belgisi bir necha kun davomida tana haroratining 38 dan yuqori bo‘lishidir. Shuningdek, Aziza Xo‘jayeva shirchoy iste’mol qilish koronavirusga davo bo‘lmasligini ta’kidlagan.