Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi

Prezident farmoyishiga asosan Tursunov Otabek Ravshanbek o‘g‘li Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Otabek Tursunov 1984-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. 2007-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Otabek Tursunov ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi. U soliq xizmati organlaridagi mehnat faoliyatini 2006-yilda Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi fuqarolarni ro‘yxatga olish bo‘yicha navbatchisi lavozimidan boshlagan va mehnat faoliyati davomida Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan.

Tursunov Otabek Ravshanbek o‘g‘li Soliq xizmatining II darajali maslahatchisi hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida, Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasining sobiq rahbari Zafarbek Yo‘ldoshev viloyat hokimidan “Mas’uliyatsiz rahbar” nishonini olgan.

Avvalroq Samarqandda davlat soliq boshqarmasiga yangi rahbar tayinlangani xabar berilgan edi.

Янгиликлар