Buxoroda davlat soliq xizmati qolipli non narxini o‘rgandi

Davlat soliq xizmati xodimlari tomonidan Buxoro shahrida qolipli non mahsuloti narxlarini sun’iy oshirmaslik borasida nazoratni qo‘lga olib, non va non mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarida bo‘lib, narxlarni o‘rgandi. Bu haqda Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati

Davlat soliq xizmati xodimlari “Oltin boshoq issiq noni” MChJda bo‘lib, bu yerdagi non va non mahsulotlarining ishlab chiqarilishini kuzatdi va karantin davrida aholining doimiy talabiga ega bo‘lgan qolipli non mahsulotlari narxlarini sun’iy oshirmaslik borasida korxona rahbariyatiga tushuntirishlar berdi. Ushbu sexda ishlab chiqarilayotgan qolipli non mahsuloti iste’molchilarga 1500 so‘mdan sotilmoqda. Ulgurji bozorga esa 1300 so‘m hamda 1400 so‘mdan  yetkazib berilmoqda. Ayni paytda qolipli non mahsuloti narxlarida umuman o‘zgarish kuzatilmagan.

“Bizning korxonamiz 15 turdagi non va non mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Pandemiya davrida bizni un mahsulotiga bo‘lgan zaxiramiz yetarli va aholiga qolipli non mahsulotlarini o‘rtacha 1300 so‘mdan hamda 1500 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda yetkazib bermoqdamiz”, — deydi korxona rahbari Shuhrat Vasiyev.

Foto: Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati

Davlat soliq xizmati xodimlari “Omad, baxt, quvonch” korxonasida ham bo‘lib, bu yerdagi qolipli non mahsuloti narx-navosini o‘rgandi. Aniqlanishicha, ushbu non ishlab chiqarish korxonasida ham pandemiya davridan oldin qolipli non mahsuloti 1400 so‘m  va 1500 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, hozirda ham ushbu qolipli nonning narxi o‘zgarmagan. Ya’ni 1400 so‘mdan savdo majmualariga hamda 1500 so‘mdan aholiga yetkazib berilmoqda.

Foto: Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati

Bu boradagi o‘rganishlar savdo shoxobchalarida ham o‘tkazildi. Ma’lum bo‘lishicha, savdo majmualaridagi qolipli non mahsuloti yetkazib beruvchilar tomonidan 1300 so‘mdan hamda 1400 so‘mdan keltirib berilmoqda. Oziq-ovqat do‘konlarida ushbu non mahsuloti 1500 so‘mdan aholiga sotilmoqda. Narxlarda o‘zgarish kuzatilmadi.

Foto: Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati

Buxoroda aholi iste’moli uchun zarur bo‘lgan qolipli non mahsuloti narx-navosi o‘zgarmagan holda o‘rtacha 1400 so‘m hamda 1500 so‘mdan aholiga sotilmoqda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilganini tandiq qilgani xabar berilgan edi. Shuningdek, Toshkentda karantin davrida narxlarni asossiz oshirgan 64 ta taksining litsenziyasi bekor qilingan edi.

Янгиликлар