O‘zbekistonda elektr ta’minoti tizimiga 0,8—1 foiz miqdorida cheklovlar kiritiladi

O‘zbekistonda 2020-yil 21-iyul kunidan boshlab energotizimda ishlab chiqarilayotgan va iste’mol etilayotgan elektr energiyasi orasida nomutanosiblik vujudga kelib, natijada energotizimdagi yirik avariyaviy holatlarning oldini olish va uning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida respublika iste’molchilariga cheklovlar kiritilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, respublika bo‘yicha kiritilayotgan cheklov miqdori taxminan 1,5—2 million kV soatni tashkil etmoqda. Bu kunlik o‘rtacha iste’molning 0,8–1 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, respublika bo‘yicha vaqtinchalik elektr ta’minotidagi uzilishlariga qo‘shni Tojikiston energotizimidan qabul qilinayotgan elektr energiyasi importi hajmining keskin qisqarishi ham sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.

“Ma’lumot uchun, Tojikistonda suv tanqisligi oqibatida 16-iyul kuni soat 02:33 da kuchlanishi 500 kV bo‘lgan ‘Regar’ va ‘Surxon’ podstansiyalarini bog‘lovchi L-508 havo elektr uzatish tarmog‘i orqali import amaliyoti to‘xtatilgan va import miqdori sutkalik o‘rtacha 12 million kV soatdan 0,3 million kV soatgacha kamaygan”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, shartnomaga asosan elektr energiyasi importi shartnomasi sentabr oyigacha bo‘lganligi sababli issiqlik stansiyalariga iyul oyiga elektr energiyasi importini qoplash uchun yoqilg‘i ko‘zda tutilmagan va elektr stansiyalar uskunalari ta’mirga chiqarilgani ma’lum qilindi.

Avvalroq O‘zbekistonda yuridik shaxslarga shartnoma asosida uglevodorod resurslarini qazib olishga ruxsat berilishi ma’lum qilingan edi.