Behzod Musayev karantin choralari uzaytirilgani uchun xalqdan uzr so‘radi

Bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Musayev karantin cheklovlarini uzaytirish orqali ayrim aholi qatlamlariga noqulayliklar yaratilayotgani uchun uzr so‘radi. Bu haqida u “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishida ma’lum qildi.

“Birinchi navbatda, karantin cheklovlarini uzaytirish orqali ayrim aholi qatlamlariga noqulayliklar yaratishga majbur ekanligimiz uchun uzr so‘rayman. Transportda yurishga, ish faoliyatini tiklashga, bozorlardagi tadbirkorlarga, umuman, hozirgi kunda ishini to‘xtatib turgan odamlardan uzr so‘rashimiz kerak. Chunki biz majburmiz. Maqsad aholi sog‘lig‘ini, hayotini saqlab qolishdir. Buning uchun nima ish qilish kerak bo‘lsa, qilishimiz kerak“, — dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Musayevning qayd etishicha, davolanayotganlarga kasalxonaga, dorixonalarga, muolaja va analiz topshirish uchun borishda yo‘llarda, hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin tartibi keskin kuchaytirilgani,13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqda xabar berilgandi.

Keyinchalik, 23-iyul kungi selektorda Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirdi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15-avgustgacha uzaytirildi.

Янгиликлар