Karkidon suv omborining turizm loyihalari uchun mo‘ljallangan yer maydonlari onlayn auksionga qo‘yildi

Farg‘ona viloyati Quva tumani hududidagi Karkidon suv ombori hududida turizm maqsadlarida investitsiya kiritish sharti bilan 5 gektar yer maydoni 12 lotga bo‘linib, savdoga chiqarildi. Bu haqida Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi xabar berdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-dekabrdagi “Ekoturizmni rivojlantirish va suv omborlarining suvni muhofaza qilish zonalari doirasida yer uchastkalari ajratish tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 978-sonli qaroriga muvofiq viloyat hokimligi tomonidan ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Mazkur hududda mehmonxona, motel, dam olish maskanlari, ko‘ngilochar obyektlar, restoran, suv sporti obyektlari, plyaj zonasi va pirs (kemalar bog‘lab qo‘yiladigan maxsus joy) qurilishi ko‘zda tutilgan.

Majmuaning umumiy qiymati 27,8 milliard so‘mni tashkil etib, unda 100 ga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi. Ayni damda ushbu hududni turizmga oid ishlab chiqilgan loyihalar asosida lotlarga bo‘lib, “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali investorlarga realizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Savdo 29-iyul kuniga qadar davomi etadi.

Shu bilan birgalikda, tashkil etilayotgan ekoturizm zonasiga olib boruvchi 6 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘li 1980-yildan buyon taʼmirlanmaganini hisobga olib, yo‘l inshootini rekonstruksiya qilish va qirg‘oq infratuzilmasiga ichimlik suvi yetkazib berish uchun 2 ta tik quduq qazish va tarmoq yotqizish ishlari Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining 2020—2021-yillardagi davlat rivojlantirish dasturi”ga kiritilishi bo‘yicha taklif Investitsiya va tashqi savdo vazirlgiga kiritildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi

Mazkur suv ombori inshooti qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida 1967-yili qurib bitkazilgan. Suv Isfayram daryosi va Janubiy Farg‘ona kanalidan kelib quyiladi. Uning to‘liq hajmi 216 million metr kubni tashkil etadi. Suv yuzasi oynasining maydoni 9,5 ming kvadrat metrga teng. Suv yuzasining uzunligi 5 kilometr, eni esa 5,5 kilometrdan iborat. Suv omborining maksimal chuqurligi 70 metr hisoblanadi.

Янгиликлар