O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlariga “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik belgisi”ni berish amaliyoti boshlanadi

Prezident “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yangi farmonni imzoladi. Farmon bilan 2020—2025-yillarda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish rejasi tasdiqlandi.

Rejaga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro standartlar va normalarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish jarayoniga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro ekspertlarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

2020-yil 1-oktabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga ularning faoliyati sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligini o‘rganish va tahlillar natijalariga asosan “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik belgisi”ni berish amaliyoti joriy qilinadi.

Belgi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan uch xil turdagi — “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar bo‘yicha 12 oy muddatgacha beriladi. Mazkur belgini joriy etish kelgusida kasalliklar, shu jumladan, oziq-ovqatdan zaharlanishlarning oldini olish imkonini beradi.

Qayd etilishicha, “yashil” toifadagi belgiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyati Sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tomonidan o‘rganilishi va tekshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ommaviy zaharlanish va guruhli kasalliklar qayd etilgan holatlar bundan mustasno);

  • belgi tadbirkorlik subyektlarining tashabbusi bilan (ixtiyoriy) yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda davlat organlari tashabbusi bilan (majburiy) beriladi;
  • tadbirkorlik subyektlarining tashabbusi bilan (ixtiyoriy) belgini olish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hamda pullik asosda amalga oshiriladi. Bunda ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun olinadigan daromad Sanitariya-epidemiologiya xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va xodimlarni rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati va Savdo-sanoat palatasi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-oktabrga qadar belgini berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Avvalroq O‘zbekistonda tibbiyot OTMlarining grant asosida tahsil olgan bitiruvchilari 1 yilgacha vaziyati og‘ir hududlarga jalb qilinishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tashkil etilishi va uning xodimlariga davlat budjetidan har oylik ustama belgilanishi haqda xabar berilgandi.

Янгиликлар