Qashqadaryoda fermerlarga chirigan kartoshka urug‘ligini sotgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qashqadaryo viloyatida katta miqdorda yaroqsiz kartoshka urug‘ligini fermerlarga sotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Tez News”ga ma’lum qildi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyatining Kitob, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarida kartoshka ekilishi belgilanib, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlaridagi 656 nafar fermer xo‘jaliklariga “Egoist AST” MChJ tomonidan 44,8 milliard so‘mlik 6400 tonna kartoshka urug‘ligini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan va 23,6 milliard so‘m pul firma hisob raqamiga o‘tkazilgan.

“Egoist AST” MChJ tomonidan Rossiyadan olib kelingan 498 tonna kartoshka urug‘ligidan 394 tonnasi yaroqsiz deb topilgan, 104 tonnasiga muvofiqlik sertifikati berilgan va 60 tonna “Udacha” navli kartoshka urug‘ligini O‘zbekiston hududida ekish belgilanmagan.

Shu bilan birga, mahalliy “Samgold” MChJdan xarid qilingan 500 tonna kartoshka urug‘ligining sifat sertifikatlari mavjud emasligi, ushbu pul mablag‘laridan 600 million so‘mi transport xizmatini ko‘rsatish litsenziyasiga ega bo‘lmagan “Hamrox asil yuksalish” MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berilib, pul mablag‘lari o‘zlashtirib yuborilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan 2020-yil 6-iyulda “Egoist AST” MChJ rahbari A.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida bank tomonidan berilgan kredit asosida fermerlarga chirigan kartoshka urug‘i tarqatilayotgani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, hukumat qarori bilan kartoshkaga ixtisoslashtirilgan Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabzdagi fermerlar Qarshi shahridagi “Egoist AST” MChJ bilan shartnoma imzolashga majburlangan.

Янгиликлар