Oltinko‘lda “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida ehtiyojmand oilaga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand xonadonlarga ko‘mak ko‘rsatilmoqda, deb xabar berdi viloyat hokimligi axborot xizmati.

Foto: Oltinko‘l tumani hokimligi

Tuman hokimi Nazirjon O‘rinboyev “Ayshaxonim Ko‘makay” mahallasida yashovchi Odinaxon Yusupovaning xonadoniga “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etdi. Xabarda yozilishicha, ayolning oilasida imkoniyati cheklangan borligi sabab biror ish bilan mashg‘ul bo‘la olmagan.

Foto: Oltinko‘l tumani hokimligi

Foto: Oltinko‘l tumani hokimligi

Ma’lumot uchun, hukumatning 2020-yil 22-apreldagi farmoyishi bilan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) bo‘linmalari tashkil etilgan.

Jamg‘arma mablag‘lari koronavirus pandemiyasi va karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p farzandli oilalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga va yolg‘iz qariyalarga, o‘z daromadini yo‘qotgan vaqtincha ishsiz bo‘lgan jismoniy shaxslarga pul mablag‘lari, kundalik iste’mol tovarlari, dori vositalari va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlash uchun ishlatiladi.

Shuningdek, jamg‘arma va uning bo‘linmalari “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda uning hududiy bo‘linmalari huzurida ochilib, ular yuridik shaxs hisoblanmaydi. “Saxovat va ko‘mak” mablag‘lari homiylik va xayriya mablag‘lari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Avvalroq “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida umumiy qancha mablag‘ xayriya qilingani ma’lum bo‘lgandi. Ushbu harakat doirasida Andijon IIB 101 million so‘m xayriya qilgan. Uning ortidan Toshkent viloyati IIBB Probatsiya bo‘limi tomonidan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida ichki ishlar organlari nazoratida bo‘lgan 150 ga yaqin shaxsga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilgan.