Sardoba fojiasi yuzasidan 9 kishi qamoqqa olingan
Bosh prokuratura matbuot xizmati Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi va buning oqibatida katta hajmdagi yer maydonlarini suv bosishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, loyiha hujjatlaridagi, qurilishdagi hamda ekspuluatatsiyadagi xato va kamchiliklar suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishiga sabab bo‘lgan. Mazkur 4 ta taxmin tegishli ekspertiza muassasasi ekspertlaridan va gidrotexnik inshootlarni loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish, qurilish ekspertizasi, tuproq va suvning xossalari va boshqa bir qator masalaga daxldor sohalarga mansub 30 nafar mutaxassisdan iborat komissiya yordamida tekshirilgan.
Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlariga daxldor 9 nafar shaxs qo‘lga olingan. Jumladan, buyurtmachi — “Sirdaryo suv qurilish invest” DUK, loyihachi — “UzGip” MChJ, bosh pudratchi — “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” UK, pudratchi tashkilot — “Rezaksoy suv qurilish” UK, “To‘palang Sherobod” ShK hamda Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekspluatasiya direksiyasi mansabdor shaxslarining bir guruhi Jinoyat kodeksining tegishli (167, 205, 207, 209, 258) moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Xabarda aytilishicha, tergov organi tomonidan jinoyatning sabablari, unga imkon bergan shart-sharoitlarni, aybdor shaxslar doirasini aniqlash bilan birga, yetkazilgan zararning qoplanishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, dastlabki tergovni har tomonlama va to‘liq o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida hamda jinoyat ishining murakkabligi va katta hajmdaligini inobatga olib, dastlabki tergov muddati Bosh prokuratura tomonidan 5 oyga uzaytirilgani ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, suv ombori 2010—2017-yillarda qurilgan bo‘lib, davlat byudjetidan 1,2 trillion so‘m sarflangan. Suv omboridan foydalanish “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJga qarashli “Sardoba suv ombori obyektlaridan foydalanish va rivojlantirish direksiyasi” tomonidan amalga oshirilgan.
2020-yilning 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Natijada Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. FVVning ta’kidlashicha, halokatning birinchi daqiqalaridayoq Sardoba suv ombori hududi atrofida istiqomat qiladigan 70 ming aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.
Voqea joyiga respublika hukumati rahbari Abdulla Aripov yetib borgan. Shuningdek, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiya va boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlari vaziyat yuz bergan joyning o‘zida evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib borgan. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumaniga borgan. Vaziyatni o‘rganib, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti zoolog mutaxassislari yovvoyi kemiruvchilar va boshqa hayvonlar faoliyatining Sardoba suv ombori to‘g‘oni holatiga ta’sirini aniqlash bo‘yicha Sirdaryoda safarda bo‘lgani, biroq u yerdagi kemiruvchilar hamda tulkilar ko‘p sonda emas va to‘g‘onning yaxlitligiga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmasligini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Sardobada yangi qurilgan 700 ga yaqin uy-joyga aholi qaytgani haqida xabar berilgandi.