Video: Sardobada yangi qurilgan 700 ga yaqin uy-joyga aholi qaytdi

Sardoba suv omboridagi falokat natijasida birinchi o‘rinda talofat ko‘rgan aholi turarjoylarini ta’mirlash va yangidan qurish bo‘yicha mamlakat bo‘ylab katta safarbarlik harakati boshlandi. Toshqindan zarar ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida tez fursatda barpo etilgan uylar o‘z egalariga topshirilmoqda.

Suv toshqinidan zarar ko‘rgan Oqoltin tumanidagi “Shodlik”, “Uchtom”, “Navbahor”, “Ahillik” va “Saxovat” mahallarida talafotdan ko‘p o‘tmay birinchi galda aholi turarjoylarni tiklash bo‘yicha keng ko‘lamda ishlar tashkil etildi. Sirdaryoliklarga ko‘mak qo‘lini cho‘zgan Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridan 5 mingga yaqin malakali quruvchilar, 350 dan ziyod texnika vositalari aholi xonadonlarini ta’mirlash, tiklash va ijtimoiy infratuzilmani yangilash ishlariga jalb etildi. Hozirda ushbu hududlarda zamonaviy qiyofada qad rostlagan 700 ga yaqin uy-joylarga aholi qaytmoqda.

“Mening besh nafar farzandim bor. Oldin uyimiz bunchalik bo‘lmagan edi, juda yaxshi bo‘ldi, hamma xursand. Gaz olib berishdi, xolodilnik berishdi, duxovka berishdi. 40 million so‘m pul ham berishdi. Bugun, mana, mollar ham berishdi. Ikkita qo‘y, bitta qoramol. Uyimizga kelib, hayron qoldik. Ustalar chiroyli ta’mirlangan o‘z uyimizning eshigini ochib, yaxshi kutib oldi. Hammasiga minnatdorchilik bildiraman”, — deydi  Oqoltin tumanidagi  “Shodlik” mahallasida istiqomat qiladigan Adolat Yusupova.

https://www.youtube.com/watch?v=beGrGbZ1efY&feature=youtu.be

“Suv ombori buzilishi natijasida bizning mahallamizni ham suv bosdi. Biz bu yerdan evakuatsiya qilindik, boshqa joyga ketdik. Qaytib kelganimizda uylarimizni boshqacha qiyofada ko‘rdik. Judayam xursand bo‘ldik. Devorlari, pollari, eshiklari — hamma narsasi yangilangan. Uylarimiz oldida issiqxonalar qurib berishdi, vodoprovod suvlarini chiqarib berishdi. Gaz kirgizib berishdi, xursand bo‘ldik. Maishiy texnikalarni berishdi. Televizor, xolodilnik, kir yuvish mashinasi  kabi texnikalar jonimizga oro kirmoqda. Dam olishimiz uchun so‘rilar qurib berdi. Isitish tizimi yo‘q edi, qo‘yib berishdi. Har bir xonadonga qirq milliondan pul berdi. Bu pulga mahallamizda savdo do‘kon ochib, tadbirkorlik qilmoqchimiz. Kelinlarim dazmollarni ishlatyapti, elektr pechlarda non, turli pishiriqlar pishiryapti, hamma texnikalaridan unumli foydalanayapmiz”, — deydi Uchtom mahallasi At-Termiziy ko‘chasida istiqomat qilayotgan Adolat Shernazarova.

https://www.youtube.com/watch?v=mT6R9xnfd_w&feature=youtu.be

 “Bizning mahallamizdagi uylar 1971-yilda qurilgan. Talafotgacha bu uylar ta’mirtalab ahvolda edi. Gaz, ichimlik suvi yo‘q edi. Hozir ko‘rsangiz, uylar juda chiroyli ta’mirlangan, gaz, suv keltirildi. Uy-ro‘zg‘or jihozlarini berishdi. Surxondaryoliklarga va boshqa hududlardan kelgan hasharchilarga katta rahmat. Qisqa fursatda mahallamizni shahar darajasiga yetkazib qo‘ydi. Issiqxonlar qurib berishdi. Endi unda hosil yetishtirishni ham Surxondaryodan kelib bizga o‘rgatmoqchi. Xudo xohlasa, yoshlarimiz o‘z uyida ish bilan ta’minlanadi, turmushimiz farvon bo‘ladi”, — deydi Oqoltin tumanidagi “Uchtom” mahallasida yashab kelayotgan Xadicha Bo‘riboyeva.

https://www.youtube.com/watch?v=vFTIvf8ONuE&feature=youtu.be

“Oldin bizning bu ko‘chalar tor, qorong‘i, o‘nqir-cho‘nqir edi, kechalari yurishga qiynalardik. Mana, ko‘chamizni keng qilib qurib berishdi. Uylarimizni chiroyli qilib ta’mirdan chiqardi. Surxondaryolik ustalarga katta rahmat. Hozir ko‘chalarimiz ravon, kechalari ham bemalol nevaralarni sayr qildirib yuribmiz. Uylarimizni orzu qilganimizdan ham ko‘ra yaxshi ta’mirlab berishdi. Barcha sharoit bor. Xolodilnik, televizor, kir yuvish mashinasi kabi maishiy texnika vositalari berildi. Bundan tashqari, davlatimiz 40 million so‘m pul berdi. Unga uyimizni qo‘shimcha jihozlab, boshqa kam-ko‘stimizga ishlatayapmiz. Har bir xonadonga ikkitadan qo‘y va bittadan qoramol berildi. Bir sotix joyga issiqxona, bostirmasi bilan tandirxona qurib berishdi. Bunday xayrli ishlardan har bir xonadon bahramand bo‘ldi, hech kim e’tibordan chetda qolmadi”, — deydi “Uchtom” mahallasida istiqomat qilayotgan Ravshan Rahimov.

https://www.youtube.com/watch?v=kBM6SiFzgvU&feature=youtu.be

Ma’lumot o‘rnida, 2020-yilning 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Natijada Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. FVVning ta’kidlashicha, halokatning birinchi daqiqalaridayoq Sardoba suv ombori hududi atrofida istiqomat qiladigan 70 ming aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan hamda Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududida tashkil etilgan maxsus muassasaga joylashtirilgan.

Янгиликлар