Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 65 yoshli erkak vafot etdi

Koronavirusga chalingan Toshkent shahrida yashovchi 65 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 65 yoshli Sh.G. ismli erkakda 4-iyuldan kasallik belgilari (tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal) boshlangan. Unda COVID-19 tasdiqlangach, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Ta’kidlanishicha, bemorga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar ham bo‘lgan.

Bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, saturasiya ko‘rsatkichining pasayib borishi, nafas olishining qiyinlashuvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Jizzaxda koronavirusga chalingan 64 yoshli bemor vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 27-iyul soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni  289 taga oshib, 20 820 nafarni tashkil etgan. Hozirda  11 105 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. 9598 nafar bemorga esa shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар