“Toshkent viloyatidagi shifoxonada ahvol og‘ir” sarlavhali xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

Toshkent viloyati hokimligi 26-iyul kuni Telegram’dagi “Jonkuyar jurnalist” kanalida e’lon qilingan “Toshkent viloyatidagi shifoxonada ahvol og‘ir: 12 kishining hayoti qil ustida” sarlavhali xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, shifoxonaning epidemiyaga qarshi kurashish ishlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari va boshqalarga tegishli tartibda kunlik to‘lovlar hamda maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari belgilangan.

Viloyat ixtisoslashtirilgan Somatika shifoxonasida faoliyat yurituvchi hamda epidemiyaga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan jami 32 nafar xodimga bir oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib, 6 foiz miqdorida har kunlik to‘lovlar amalga oshirish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, viloyat moliya boshqarmasiga taqdim etilgan. Xususan, 5 nafar shifokorga 115 332 48 so‘m, 12 nafar o‘rta tibbiy xodimga 149 833 25 so‘m, 11 nafar kichik tibbiy xodimga 100 425 51 so‘m, 4 nafar boshqa xodimga 29 387 82 so‘m qo‘shimcha mablag‘ berilishi belgilangan.

“Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020-yil 3-iyul COVID-19 koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasi faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risida’gi 177-sonli buyrug‘ining 2-bandida ‘Fan va ta’lim bosh boshqarmasi (O‘.Ismailov), Kadrlar boshqarmasi (A.Ahmadjonov) shifoxonani faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan mutaxassislar bilan ta’minlasin’ deyilgan. Biroq bir necha bor Sog‘liqni saqlash vazirligiga qilingan murojaatimiz hatto yozma ravishda boshqarmaning 2020-yil 13-iyul 01/2370 sonli xati hanuzgacha javobsiz qolmoqda”, — deyiladi hokimlik munosabatida.

Toshkent viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi imkoniyatidan kelib chiqqan holda

  • Tohirov Rustam — Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi;
  • Sulaymonov Bobur — RSHTYIM Toshkent viloyat filiali;
  • Yo‘ldoshev Doniyor — Bo‘stonliq Tuman tibbiyot birlashmasi;
  • Miraxmedov Umid — O‘rtachirchiq Tuman tibbiyot birlashmasi reanimatologlari jalb qilingan.

Bundan tashqari, shahar (tuman) tibbiyot birlashmalaridan va viloyat muassasalaridan 3 nafar terapevt, 5 nafar o‘rta tibbiyot xodimi va 5 nafar kichik tibbiy xodimlari 24-iyul kuni viloyat ixtisoslashtirilgan Somatika shifoxonasiga jalb etilgan.

Avvalroq Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ijtimoiy tarmoqda farg‘onalik jurnalist va mutaxassis o‘rtasida muhokama qilingan “Farg‘ona viloyatida holat shu qadar yaxshi bo‘lsa, nega unda postlarda harakatlar kuchaytirilgan?” sarlavhali xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirgani haqda xabar berilgandi.

Янгиликлар