Toshkentda COVID’ga chalingan 64 yoshli ayol vafot etdi

Toshkent shahrida koronavirusga chalingan ayol vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashagan 64 yoshli X.X. ismli ayolda 13-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 27-iyul soat 11:30 holatiga ko‘ra, 289 taga ortib, 20 820 nafarni tashkil etmoqda.

Янгиликлар