Toshkentda koronavirus yuqtirib olgan 53 yoshli erkak vafot etdi. O‘zbekistonda o‘lim holatlari soni 119 taga yetdi

Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 53 yoshli erkak vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashagan 53 yoshli B.T. ismli erkakda 11-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Unga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda bir kechada 289 kishi koronavirusga chalindi. Jami kasallanganlar soni 21 mingga yaqinlashgani haqida xabar berilgan edi.

Avvalroq Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashagan 64 yoshli X.X. ismli ayol koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар