DXX Qashqadaryoda “Jihodchilar” guruhi faoliyatiga chek qo‘ydi (video)

Qarshi shahrida 16 kishidan iborat “Jihodchilar” guruhi qo‘lga olindi.

Qarshi shahrida yashovchi 52 yoshli fuqaro muqaddam “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimiga a’zo bo‘lganligi uchun 2004—2018-yillarda jazo muddatini o‘tagan bo‘lishiga qaramasdan, o‘zining yashash manzilida 1994, 1996, 1998-yillarda tug‘ilgan 3 nafar farzandi va 2000-yilda tug‘ilgan jiyani hamda 1974—1998-yillar oralig‘ida tug‘ilgan 11 nafar mahalliy fuqarodan iborat noqonuniy guruh tashkil etib, “Jihodchilar” oqimi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Shuningdek, guruh a’zolarini “hijrat” va “jihod” qilishga, Suriya davlatiga borib, “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkilotiga qo‘shilishga chorlagan.

Bundan tashqari, u Telegram messenjerida “Shahidlar” nomli guruh tashkil etib, unga diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lmish “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy” va boshqalarning “hijrat”, “jihod” va “shahidlik”ka chorlovchi audio-video materiallarini joylashtirib, targ‘ibot ishlari olib borgan.

Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida mazkur noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Dastlabki tergov-surishtiruv jarayonlarida aniqlanishicha, guruh yetakchisining ko‘rsatmasi bilan uning a’zolari bosqinchilik jinoyatlarini sodir etish orqali yo‘l xarajatlari uchun pul yig‘ish, so‘ngra Suriyaga borib, terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan.

Ularning yashash manzillaridan kompyuter protsessori, noutbuk, dron, flesh-kartalar, DVD-disklar, telefon apparatlari, diniy mazmundagi adabiyotlar, shuningdek, bir donadan o‘qotar va pnevmatik qurol, patronlar va gilzalar ashyoviy dalil sifatida protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ta’kidlash lozimki, guruh a’zolari orasida MChJ rahbari va ishchisi, buyum bozorida sotuvchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar hamda institut talabasi bor.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Tavhid va jihod katibasi” O‘zbekiston Oliy sudining 2016-yil 26-sentabrdagi qarori bilan terroristik tashkilot deb topilib, mamlakat hududida uning faoliyati taqiqlangan.

Avvalroq Andijonda “Jihodchilar” guruhiga qo‘shilib qolgan yigit ushlangandi. Surxondaryoda “Jihodchilar” guruhi a’zolari qo‘lga olingan edi. Shuningdek, Toshkentda 11 nafar xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdori ham qo‘lga olingani haqida xabar berilgan.

Янгиликлар