Farg‘onada qo‘shmachilik qilgan ayoldan 2000 dollar talab qilib, uni jinsiy aloqa qilishga majburlagan IIO vakili qo‘lga olindi

Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta tezkor vakili D.A. jinoyatchining noqulay vaziyatidan “unumli” foydalanib, uni pora berishga majbur qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi Farrux Abduraimov xabar berdi.

Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan 2020-yilning 19-aprel kuni “Oriyat” tadbiri o‘tkazilgan. Mazkur tadbirda shaharning Yangi Asr ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi, muqaddam odam savdosi jinoyati uchun sudlangan va jazo muddatini o‘tayotgan Sh.F. o‘z uyida qo‘shmachilik qilayotgani aniqlangan. Shu bois ayni holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga yuborilgan. Natijada Sh.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, “Oriyat” tadbirida boshqarma katta tezkor vakili D.A. ham ishtirok etgan. Sh.F.ning qadrdonlaridan biri unga qo‘ng‘iroq qilib, dugonasiga yordam berishini iltimos qilgan. Natijada D.A. 20-aprel kuni Sh.F. bilan uchrashgan.

“Avval odam savdosi jinoyati bilan sudlangan ekansiz. Qo‘shmachilik ham shunga o‘xshash holat. Shuning uchun tergov jarayonida sizni qamab qo‘ymasligini tergovchi bilan gaplashib berishim mumkin. Faqat buning evaziga unga ikki ming dollar berish kerak”, — degan D.A.

D.A. keyingi uchrashuvda qo‘shmachi qizni jinsiy aloqa qilishga taklif etgan. Noiloj qolgan Sh.F. uning taklifini qabul qilgan.

Shundan so‘ng tezkor xodim bir hafta—o‘n kun ichida Sh.F.ning uyida bir necha marta ko‘ngilxushlik qilgan. Lekin har galgi uchrashuvda pulni qistayvergan.

“Tergov muddati uch oy, sud jarayoni ham ikki oycha davom etadi. Ungacha mana shunday uchrashuvlarimiz tufayli homilador bo‘lib olsangiz, sudda sizga ancha yengillik beriladi”, — deya o‘zini har jihatdan hojatbaror qilib ko‘rsatgan D.A. 2020-yil 1-may kungi uchrashuvda.

Ammo Sh.F. qonun himoyachisining so‘nggi kunlardagi harakatlaridan shubhalangan va unga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, DXX Farg‘ona viloyat bosh­qarmasiga murojaat qilgan. Natijada 2020-yil 3-may kuni D.A.ga nisbatan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Sh.F. D.A.ga telefon qilib, pul tayyorligini aytgan. Shu bois ko‘p o‘tmay D.A. ayolning uyi yoniga yetib kelgan va xizmat mashinasi ichida kelishilgan pulning 1500 AQSh dollarini olayotganda ushlangan. D.A. qolgan 500 AQSh dollarini garov puli tariqasida to‘lash uchun Sh.F.ga qaytarib bergan edi.

D.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”-bandi, 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi esa aybdorni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoni bilan 2020-yil 29-iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgan. Agentlik direktori maqomi bo‘yicha vazirga tenglashtirilgan.

Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli organ hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishdan iborat.