Farg‘onadagi xarob holga kelgan uylar atrofini obodonlashtirish ishlari boshlandi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani markazidagi Istiqlol mavzesidagi 2 ta uy atrofini obodonlashtirish ishlari aholi partiyaga murojaat qilganidan so‘ng boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: “O‘zA”

Mavzedagi 8 va 11-uylarda yashovchilarning aksariyati ehtiyojmand oilalar toifasiga kiradi. Shu sababli ularda o‘z ro‘zg‘oridan orttirib, uy tashqi fasad qismini ta’mirlash uchun imkoniyat yetarli emas. Mazkur uy yillar davomida xarob ahvolga kelib qolgan. Bu yerda istiqomat qiluvchilar foydalanadigan tashqaridagi umumiy sanitariya-gigiyena uzellari ham hech bir talabga javob bermaydi. Uylar atrofida axlat uyumlari to‘planib ketgani bundan-da achinarlidir. Vaholanki, xonadon vakillarining ta’kidlashicha, ular barcha kommunal to‘lovlarini amalga oshirib kelgan.

Foto: O‘zA

Fuqarolar tomonidan mazkur masalada qilingan murojaat “Adolat” SDP Dang‘ara tuman kengashi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. Tuman hokimligidan ko‘mak so‘ralganda vakillar kelib mavjud ahvol bilan tanishdi.

Foto: O‘zA

“Haqiqatan ham, uylar holati va mavjud sharoitni yaxshi deb bo‘lmaydi. Mutasaddi tashkilotlarning beparvoligi tufayli maishiy chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmagan. Tuman hokimligi murojaatdan so‘ng zudlik bilan zarur choralarni ko‘rdi. Hozirda bu ishlarga elektr ta’minoti, gaz, obodonlashtirish, ‘Toza hudud’ singari barcha mutasaddi tashkilotlar jalb qilingan va tegishli ko‘rsatmalar berilgan”, — deydi tuman kengashi raisi M.Mamatqulova.

Ayni kunlarda bu uy atrofida obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Binolarning tashqi fasadi yangilanmoqda. Umumiy sanitariya-gigiyena uzellaridan biri ta’mirlanmoqda va bittasi buzilib qayta qurilmoqda.

Avvalroq Andijonda kuchaytirilgan karantin davrida obodonlashtirish ishlari bo‘lgani haqda xabar berilgan edi.

Янгиликлар