Nurobodda qo‘lda gilam to‘qish markazi tashkil etiladi

Samarqand viloyati Nurobod tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Respublikada qo‘lda to‘qilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tuman “Hunarmandlar” uyushmasi qoshida “Qo‘lda gilam to‘qish markazi” tashkil etiladi. Bu haqda “Zarnews” xabar berdi.

Qarorga muvofiq, qo‘lda to‘qilgan gilamlarni eksport qilishda avtomobil, temiryo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etilishi belgilangan.

“Tumanimizda 7 nafar ustoz gilamchilarimiz bor. Ularga 30 nafar yoshlar shogird tushib, kasb sirlarini o‘rganmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida 7 nafar ayollarimiz gilamchilik hunarini o‘rganish istagini bildirgan. Tim, Arab ota, Jom kabi qishloqlarimizda gilamchilik an’analari rivojlanib, bugun o‘z xaridorlariga ega. Hatto chet ellik sayyohlarning ham e’tiboriga tushgan. Yaqinda hunarmandlarimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida tuman ‘Hunarmandlar’ uyushmasi qoshida ‘Qo‘lda gilam to‘qish markazi’ni tashkil etmoqchimiz” — deydi “Hunarmandlar” uyushmasi Nurobod tumani bo‘limi rahbari Gulshan Mirzayeva.

Tumanning Olg‘a qishlog‘ida yashovchi gilam to‘quvchi Xosiyat Jo‘rayevaning so‘zlariga ko‘ra, gilamning daraxtcha, chinaqay, taroqcha, yetti takcha, atlas nuxsalari xaridorgir. Ayniqsa, chinaqay gilamlariga e’tibor katta. Bitta 4 metrga 2 metr chinaqay gilam to‘qish uchun taxminan 20 kilogramm qora, jigar, oq rangli jun, bo‘yoqlar sarflanadi. Oq jun 35 ming so‘m turadi. 6 kishi 5-6 kunda to‘qiydi. Ushbu gilamlarga o‘rtacha 700 ming harajat qilinadi va 1 200 000 so‘m atrofida sotiladi.

Xosiyat Jo‘rayeva bankdan 20 million imtiyozli kredit olib, to‘quv dastgohlari, jun va buyoqlar sotib olgan. Shu bilan birga 6 nafar mahallasidagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan.

Ta’kidlanishicha, yuqoridagi qaror bo‘yicha “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga gilam va ipak mato to‘qish dastgohini xarid qilish uchun xarajatlarga — har bir dastgoh uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiyalar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, “Respublikada qo‘lda to‘qilgan gilamchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 26-iyun kuni qabul qilingan. Qarorda qo‘lda gilam to‘qishni rivojlantirish, gilam to‘qiydigan hunarmandlarga subsidiyalar ajratish, jun mahsulotlarini olishda naslli qo‘y-echkilarni ko‘paytirish, yaylovlarni kengaytirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan.

Avvalroq Namanganda Chust do‘ppisi va Chust pichoqlari xalqaro muzeylari tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар