O‘zbekistonda 6 oy mobaynida eng ko‘p kartoshka Samarqandda yetishtirilgan

Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda 2020-yilning yanvar—iyun oylarida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 1 million 490,9 ming tonna kartoshka yetishtirilganini ma’lum qildi. Hududlar kesimida kartoshka yetishtirish bo‘yicha Samarqand viloyati eng yuqori o‘rinni band etgan, deb xabar berdi qo‘mita matbut xizmati.

Ta’kidlanishicha, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 foizga ko‘p bo‘lgan. Yetishtirilgan jami kartoshkaning 92,2 foizi dehqon xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Hududlar kesimida olib qaralganda, Samarqand 285,4 ming tonna, Surxondaryo 198 ming tonna va Farg‘ona viloyati 187 ming tonna kartoshka yetishtirish bilan yuqori o‘rinlarni band etgan. Bu borada Sirdaryo 25,5 ming tonna, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 25,3 ming tonna va Jizzax viloyati 9,5 ming tonna bilan kartoshka yetishtirishda eng so‘nggi o‘rinda qayd etilgan.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida bank tomonidan berilgan kredit asosida fermerlarga chirigan kartoshka urug‘i tarqatilayotgani, keyinchalik urug‘larni sotgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020-yilning birinchi yarmida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yetakchi viloyatlar aniqlangan hamda respublikada eng qimmat oziq-ovqat mahsulotlari Toshkent shahrida sotilishi ma’lum bo‘lgan.

Янгиликлар