Qarshiga kirish-chiqish 15-avgustgacha to‘xtatilib, hududda transport harakati cheklandi

Qashqadaryo viloyati maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, viloyatda 2020-yil 27-iyul soat 00:01 dan boshlab 15-avgustgacha qo‘shimcha cheklovlar joriy qilingan. Bu haqda viloyat maxsus komissiyasi xabar berdi.

Foto: Viloyat hokimligi matbuot xizmati

Xabarda qayd etilishicha, ertalab soat 07:00 dan soat 10:00 gacha va kech soat 17:00 dan soat 20:00 gacha hamda boshqa vaqtlarda ham barcha turdagi transport vositalarining Qarshi shahriga kirishi va harakatlanishi cheklandi.

Faqat quyidagi holatlarda mazkur cheklovlar istisno etiladi:

  • fuqarolarning salomatligi yomonlashgani, homiladorligi munosabati bilan shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borish-kelish;
  • qishloq xo‘jalik mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish, tashish bilan shug‘ullanuvchilar;
  • qurilish tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlariga tegishli jihoz, xomashyo materiallarini tashishga mo‘ljallangan avtomashinalar.

Ta’kidlanishicha, Qarshi, Shahrisabz shaharlari va tumanlar markazlarida xizmat ko‘rsatayotgan yo‘nalishsiz taksi avtomashinalari soni 3 baravargacha qisqartirilgan.

Shuningdek, xabarda Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 16-iyuldagi yig‘ilish bayoni talablariga qat’iy rioya qilgan holda viloyatdagi ro‘yxatga olingan vakolatli transport tashkilotlari (uyushmalar) tomonidan aniq davlat raqami ko‘rsatilib, ruxsat berilgan yo‘nalishsiz taksi avtomashinalarigina harakatlanishi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, viloyat transport boshqarmasi va viloyat Sanitariya-epidimiologik nazorati markazi yo‘nalishsiz taksilarga har 4 soatda dezinfeksiya qilishni qat’iy nazoratga olish maqsadida maxsus dezinfeksiyalash nuqtalarini tashkil etish va dezinfeksiyalashni ro‘xatga olish mexanizimini shakllantirishi aytib o‘tilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15-avgustgacha uzaytirilgani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар