Toshkentda 12 kun oldin koronavirus tashxisi qo‘yilgan 50 yoshli erkak vafot etdi

Koronavirusga chalingan Toshkent shahrida yashovchi 50 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Toshkent shahrida yashagan 50 yoshli R.D. (erkak)da 16 iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Bemorga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi asorati bilan kechgan.

Shuningdek, bemor qandli diabet, gipertoniya va epilepsiya hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Toshkent shahrida koronavirus yuqtirib olgan 34 yoshli homilador ayol vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 28-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 297 nafarga oshib, jami kasallanganlar soni 21 506 nafarni tashkil etgan. Shulardan 11 674 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 9710 nafariga davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар