Toshkentda koronavirusga chalingan yana bir homilador ayol vafot etdi

Toshkentda koronavirusga chalingan yana bir homilador ayol o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Olmazor tumanida yashagan 40 yoshli M.K. (ayol) 12–17-iyul kunlari shahar 2-son tug‘ruq kompleksida “30 haftalik 4-homiladorlik, 4-tug‘ruq, asoratlangan akusherlik anamnezi, bachadon chandig‘i, ikki tomonlama pnevmoniya, kamqonlik, nafas yetishmovchiligining 2-darajasi” tashxisi bilan statsionar sharoitida davolangan.

COVID-19 tasdiqlangach, 17-iyul kuni shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi, DVS sindrom asoratlari bilan kechgan. Yuqorida keltirilgan hamroh kasalliklar bilan birga bemorda homilaning antenatal o‘limi ham kuzatilgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, sepsis, poliorgan yetishmovchiligi, DVS sindromdan vafot etgan.

O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 125 nafarga yetdi.

Avvalroq Toshkentda koronavirusga chalingan 61 yoshli erkak vafot etgani xabar qilingandi.