Farg‘onada tomorqasida bir tup kannabis yetishtirgan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyati Furqat tumanida o‘z tomorqasida bir tup kannabis o‘simligini parvarishlab kelayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqida Farg‘ona viloyati IIB xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Furqat tumanida 21-iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Temiryo‘lchi ko‘chasida yashovchi P.Q.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda tomorqasida bir tup kannabis o‘simliklarini parvarishlab kelayotganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Furqat tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Avvalroq Farg‘onada arzon narxda sement olib berishni va’da qilib, 137 million so‘mni qo‘lga kiritgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Shuningdek, Quvasoyda bedarak yo‘qolgan fuqaro Toshkent viloyatidan topilgani xabar qilindi.