O‘zbekistonda Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga tibbiy majburlov chorasini qo‘llash huquqi berildi

Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining (Sanitariya-epidemiologiya xizmati) asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hamda huquqlari belgilandi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning tizimidagi tashkilotlar, jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash huquqiga ega.

Qaror bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun javobgar bo‘lgan vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibiga kiradi. Sanitariya-epidemiologiya xizmatining boshlig‘i bir vaqtning o‘zida sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari hamda Bosh davlat sanitariya vrachi hisoblanadi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati boshlig‘i Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tugatilgani haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy bo‘linmalari tugatilgan.

Янгиликлар