Samarqandda 2020-yilning birinchi yarmida giyohvandlik bilan bog‘liq 252 ta jinoiy holat aniqlandi

Samarqandda 2020-yilning birinchi yarmida giyohvandlik bilan bog‘liq 252 ta jinoiy holat aniqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish bo‘yicha mintaqaviy komissiyasi yig‘ilishida qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda giyohvand moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish yo‘nalishida mintaqaviy komissiya hamda huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 9 kilogramm 382 gramm giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan. O‘tgan yilning shu davrida esa 149 holatda 54 kilogramm 964 gramm narkotik moddalari noqonuniy aylanishining oldi olingan. Bu yil jinoyatlar soni ko‘paygan. Ammo giyohvandlik moddalari kamaygan.

Jinoyatni sodir etgan 135 nafar shaxsning 3 nafarini ayollar, 40 nafarini yoshlar tashkil etadi. Undan tashqari, 12 nafar shaxs ushbu turdagi jinoyatlari uchun muqaddam sudlangan, belgilangan tartibda jazo olgan.

Bundan tashqari, “Qoradori—2020” tadbirining 2020-yil 1-maydan 30-iyunga qadar o‘tkazilgan birinchi bosqichida viloyat IIB tomonidan hududda narkotik moddalar bilan bog‘liq 81 holat aniqlangan. Ushbu holatlarning 34 tasi tarkibida giyohvand moddalar bo‘lgan o‘simliklarni ekish bilan bog‘liq. Jinoyatchilardan 1 kilogramm 489 gramm giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida olingan.

Avvalroq Samarqandda uyida janjal ko‘targan fuqaroning yonidan marixuana topilgan edi.

Shuningdek, Quvada tomorqasida 17 tup kannabis yetishtirgan va Payariqda yashash hovlisida 77 tup kannabis o‘simligini yetishtirgan shaxslar qo‘lga olingan edi.

Undan tashqari Andijonda 370 gramm gashish moddasini 8000 dollarga sotayotganlar qo‘lga olingan.

Янгиликлар