Toshkentda DXX, IIV va Mudofaa vazirligi 2–3 kun ichida qo‘shimcha davolash markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yadi

Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika maxsus komissiyasi a’zosi Behzod Musayev 29-iyul kuni “O‘zbekiston 24” telekanali jurnalistiga bergan intervyusida Toshkent shahrida 2—3 kun ichida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi qo‘shimcha 2000 o‘rinli davolash markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahar hokimligi zimmasiga “O‘zekspomarkaz” hududida 1000 o‘rinli davolash markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuklangan bo‘lib, mazkur shifoxona ayni paytda COVID-19 bemorlarini davolamoqda.

Shuningdek,

  • Mudofaa vazirligi tomonidan 814 o‘rinli (“O‘zekspomarkaz” pavilyonlari);
  • Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan 520 o‘rinli (“Yoshlik” arenasi);
  • Ichki ishlar vazirligi tomonidan 750 o‘rinli (Yengil atletika zali) tez tibbiy yordam ko‘rsatadigan davolash muassasalari ishga tushiriladi.

Behzod Musayevning ma’lum qilishicha, ushbu tibbiyot muassasalari nazorati barcha tegishli vazirliklar gospitallariga yuklangan.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga harbiy shifokorlar ham jalb qilinishi haqda xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida bu borada qisqa vaqtda tashkiliy ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkaz” pavilyonida, gimnastika saroyida, “Yoshlik” sport majmuasi va boshqa binolarda koronavirusga gumon qilinganlarga tashxis qo‘yish, zaruratga ko‘ra davolash uchun sharoit yaratilmoqda.

Янгиликлар